Shavkat Mirziyoyev 3-may kuni Ko‘ksaroy qarorgohida uchinchi Toshkent investitsiya forumi doirasida Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda CAMCE korporatsiyasi raisi Van Bo bilan Toshkent shahrida Olimpiya shaharchasi qurilishi hamda energetika, sanoat va infratuzilma sohalaridagi loyihalar portfelini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakatda faoliyat yuritishda katta tajriba to‘plagan kompaniya yirik loyihalarni moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishning butun zanjirini qamrab oladigan yechimlarni taqdim etishga ixtisoslashgan.

CAMCE rahbarining Shavkat Mirziyoyev bilan Pekinda 2023-yil oktabr oyidagi uchrashuvida kompaniya O‘zbekistondagi loyihalar portfelini gidrotexnik inshootlar qurish bilan kengaytirmoqchi ekani ma’lum qilingandi.
texnopark, Хитой  kompaniyalari, CAMCE, Holley Group, Goldwind, China Southern Power Grid

Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekistonda elektr hisoblagichlar ishlab chiqarish bo‘yicha Holley Group kompaniyasi muvaffaqiyatli ishlayotgani qayd etildi. Toshkent viloyatida texnopark qurish va unga Xitoyning yirik kompaniyalarini jalb qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Goldwind kompaniyasi direktori Sao Chjigan bilan esa kompaniyaning O‘zbekistonda “yashil” energetikani rivojlantirishdagi ishtiroki istiqbollari ko‘rib chiqildi. Kompaniya shamol energetikasi texnologiyalarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan bo‘lib, jahondagi yetakchi shamol turbinalari ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Shamol elektr stansiyalari qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va joriy loyihalarni jadallashtirishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, China Southern Power Grid bilan Buxoro viloyatida shamol elektr stansiyalari, butun mamlakat bo‘ylab gidroakkumulyatsiya stansiyalari va yuqori kuchlanishli liniyalar qurish loyihalari muhokama qilindi.